Yangiliklar

Toshkentning uchta tumanida renovatsiya jarayonlari start oldi

Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlarida
renovatsiya
Foto: Toshkent shahar hokimligi

Toshkent shahrida uy-joy fondini yangilashga qaratilgan renovatsiya dasturining ilk bosqichi boshlandi. Dastlabki ishlar Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlaridagi tanlab olingan hududlarda olib borilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, renovatsiya hududlarida maxsus shtablar tashkil etilib, ular aholi bilan bevosita ishlashni yo‘lga qo‘ygan. Shtablar fuqarolarga loyiha mazmuni, ko‘chirish tartibi, kompensatsiya masalalari va hujjatlashtirish jarayonlari bo‘yicha tushuntirishlar bermoqda.

Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi ishchi guruh Jarqo‘rg‘on, Abdurauf Fitrat va Xonobodtepa mahallalarida tashkil etilgan shtablar faoliyati bilan tanishdi. Ushbu markazlarda hokimlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, kommunal xizmatlar, kadastr, banklar va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuvlar davomida fuqarolarni yangi uy-joylarga ko‘chirish, kompensatsiya to‘lash mexanizmlari, muddatlar va kafolatlar yuzasidan taklif hamda murojaatlar muhokama qilinmoqda.

Ma’lum qilinishicha, renovatsiya dasturida fuqarolarni qurilishi tugallanmagan uylar emas, balki tayyor va yashashga shay xonadonlar bilan ta’minlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Bu esa aholining uzoq vaqt kutib qolishining oldini olish va yangi manzilga tezroq ko‘chib o‘tishiga xizmat qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan renovatsiyaga doir qonun qabul qilingani haqida yozgandi.