
2025-yilda O‘zbekistonda 10 yoshdan katta aholining 99,3 foizi mobil telefondan foydalangan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Hisobotda qayd etilishicha, ushbu ko‘rsatkich so‘nggi yillarda izchil o‘sib borgan. Xususan, 2021-yilda mobil telefondan foydalanuvchilar ulushi 95,7 foizni, 2022-yilda 97,8 foizni tashkil etgan. 2023 va 2024-yillarda bu ko‘rsatkich 99,1 foiz darajasida qayd etilgan.
2025-yilda esa mobil telefondan foydalanuvchilar ulushi 99,3 foizga yetgan va so‘nggi besh yil ichidagi eng yuqori natija qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, 2026-yil 1-aprel holatiga mamlakatning doimiy aholisi soni 38,3 mln nafarga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston aholisining qariyb 56 foizi mehnatga layoqatli ekani haqida yozgan edik. Aholining yosh tarkibida mehnatga layoqatli yoshdagilar soni 21,4 mln nafarni tashkil etgan.