Yangiliklar

O‘zbekistonga tashrif rejalashtirgan xorijiy davlatlar rahbarlari, Eron va AQSh kelishuvi — 15-iyun kuni e’lon qilingan yangiliklar

«Yangihayot» – «Chinor» oralig‘ida bepul metrobus qatnaydi
O‘zbekistonda tashrif rejalashtirgan xorijiy davlatlar rahbarlari, Eron va AQSh kelishuvi — 15-iyun kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Foto: Kontent tayyorlash markazi

O‘zbekistonda tashrif rejalashtirgan xorijiy davlatlar rahbarlari, Eron va AQSh kelishuvi — 15-iyun kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.

Albaniya prezidenti rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi

Albaniya prezidenti rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Albaniya prezidenti Bayram Begay 16 – 17-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrif Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan amalga oshirilmoqda.

Tashrif dasturiga ko‘ra, Toshkent shahrida ikki davlat rahbarlari ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkaziladi. Muzokaralarda O‘zbekiston va Albaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi. Xususan, savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, «yashil» energetika va turizm sohalarida aloqalarni kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni tavallud kuni bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni tavallud kuni bilan tabrikladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga tavallud kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

Tabrik maktubida Si Szinpin Xitoy Xalq Respublikasi va Xitoy Kommunistik partiyasining ulug‘ siyosiy namoyandasi sifatida mamlakat xalqini yangi marralar sari boshlab borayotgani ta’kidlandi. Davlat rahbari Xitoy yetakchisining Vatan va xalqqa bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati, ulkan mas’uliyat hissi hamda uzoqni ko‘ra olishga asoslangan strategik tafakkurini alohida qayd etdi.

Turkiyada «O‘zbekiston mahallasi» rasman ochildi

Turkiyada «O‘zbekiston mahallasi» rasman ochildi
«Dunyo» AA

Turkiyaning Hatay viloyatida O‘zbekiston tomonidan qurilgan turarjoy majmuasi negizida tashkil etilgan «O‘zbekiston mahallasi», Shavkat Mirziyoyev bulvari hamda Toshkent va Samarqand ko‘chalari tantanali ravishda ochildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston va Turkiya parlamentlari rahbarlari, viloyat hokimlari, rasmiylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Samarqandda Rossiyaga ishlash uchun ketayotganlarga yangi test markazi ochiladi

Samarqand viloyatida Rossiyaga mehnat faoliyati uchun borayotgan fuqarolarni tayyorlash va sinovdan o‘tkazish uchun yangi test markazi tashkil etiladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, loyiha Rossiya tomoni bilan hamkorlik doirasida amalga oshiriladi. Markazda migrantlar uchun rus tili, Rossiya tarixi hamda amaldagi qonunchilik bo‘yicha test va tayyorgarlik ishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Eron bilan kelishuv yakunlandi — Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan sulh kelishuvi tuzilganini va Hormuz bo‘g‘ozi kemalar qatnovi uchun qayta ochilishini ma’lum qildi.

Tramp Eron bilan harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Keyinroq bu ma’lumotni Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kazem Gharibabadi ham tasdiqlagan.

Samarqanddagi nodavlat bog‘chada 3 yoshli bola suvga tushib, halok bo‘ldi

Samarqand viloyatida 3 yoshli bola bog‘cha hududidagi suv havzasiga tushib ketib, hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, hodisa 2026-yil 5-iyun kuni Payariq tumani «Sarbazor» MFYda joylashgan «Yulduzcha» nomli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan. 2023-yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchi bog‘cha hududida favqulodda holatlar uchun qurilgan suv havzasiga tushib ketgan. Oqibatda bola vafot etgan.

JCh – 2026: O‘zbekistonning ilk o‘yinini angliyalik hakam boshqaradi

O‘zbekiston–Kolumbiya bahsini boshqarishga FIFA referisi tayinlandi
Foto: OneFootball

2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining «K» guruhi ilk turidan o‘rin olgan O‘zbekiston va Kolumbiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni boshqaradigan hakamlar brigadasi rasman tasdiqlandi.

Muhim bahsni xalqaro maydondagi eng tajribali referilardan biri sanalgan Anthony Taylor boshqaradi. Angliyalik hakamga qanotlarda Gari Besvik va Adam Nann yordam beradi.

Xorijiy diplomlarni tan olish testi boshqa sanaga ko‘chirildi

Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik haqidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha 2026-yil 18-iyunda o‘tkazilishi rejalashtirilgan test sinovlari boshqa sanaga ko‘chirildi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlariga tayyorgarlik ishlari hajmining ortgani hamda murojaatlar soni ko‘paygani sababli iyun oyi grafigiga o‘zgartirish kiritilgan.

«Yangihayot» – «Chinor» oralig‘ida bepul metrobus qatnaydi

Toshkent metrosining Chilonzor yo‘nalishidagi «Chinor» bekatida rekonstruksiya ishlari davom etmoqda. Shu munosabat bilan 2026-yil 13-iyundan boshlab yo‘lovchilar uchun «Yangihayot» – «Chinor» bekatlari oralig‘ida bepul metrobus xizmati yo‘lga qo‘yildi.

«Toshshahartransxizmat» ma’lumotiga ko‘ra, dastlab yo‘nalishda to‘rtta elektrobus qatnagan. Yo‘lovchilar oqimi oshgani sababli 15-iyundan boshlab elektrobuslar soni oltitaga yetkazildi.