
Albaniya prezidenti Bayram Begay 16 – 17-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrif Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan amalga oshirilmoqda.
Tashrif dasturiga ko‘ra, Toshkent shahrida ikki davlat rahbarlari ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkaziladi. Muzokaralarda O‘zbekiston va Albaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi. Xususan, savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, «yashil» energetika va turizm sohalarida aloqalarni kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi.
Tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqadi. Shuningdek, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.
Muzokaralarda ko‘p tomonlama platformalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilinadi. Tashrif dasturi doirasida Bayram Begay V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.
Avvalroq «Kursiv» Mirziyoyev Si Szinpinni tavallud kuni bilan tabriklagani haqida yozgan edi.