
AQSh va Eron bir necha oydan beri davom etayotgan keskinlikni yumshatishi mumkin bo‘lgan kelishuv loyihasini muhokama qilmoqda. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar yadroviy dastur, sanksiyalar, Eronning muzlatilgan aktivlari hamda Hormuz bo‘g‘ozi orqali savdo kemalari harakatiga oid asosiy bandlarni kelishib olgan.
Loyiha Tehronning yadroviy qurol ishlab chiqarmaslik va uni sotib olmaslik majburiyatini o‘z ichiga oladi. Yakuniy kelishuv imzolanguniga qadar Eron o‘z yadroviy dasturining hozirgi holatini saqlab qolishi ko‘zda tutilmoqda.
Memorandum imzolangach, tomonlar 60 kun ichida uranni boyitishning keyingi parametrlari, yuqori darajada boyitilgan yoqilg‘i zaxiralari va yadroviy infratuzilma bo‘yicha alohida muzokara o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Kelishuv loyihasida sanksiyalar masalasi ham alohida o‘rin olgan. Unga ko‘ra, AQSh yakuniy kelishuvga erishilgunga qadar Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etmaslik majburiyatini oladi. To‘liq kelishuv imzolangach esa amaldagi Amerika va xalqaro cheklovlarni bosqichma-bosqich bekor qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, Eron neft eksportiga qo‘yilgan ayrim cheklovlarni vaqtincha yumshatish imkoniyati ham muhokama qilinmoqda. Bu Tehronga neft sotish hajmini oshirish va eksportdan tushadigan daromadni ko‘paytirish imkonini berishi mumkin.
Eronga qanday foydasi bor
Hujjat loyihasida Eronning muzlatilgan aktivlarini qaytarish masalasi ham bor. Gap taxminan 25 milliard dollarlik mablag‘ haqida ketmoqda. Ushbu aktivlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalari, kredit liniyalari va mintaqaviy hamkorlik mexanizmlari orqali Tehronga qaytarilishi mumkin.
Bundan tashqari, AQSh va uning ittifoqchilari Eronni tiklash hamda rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur tayyorlashi rejalashtirilmoqda. Bunday dastur iqtisodiy aloqalarni bosqichma-bosqich normallashtirishga xizmat qilishi mumkin.
Kelishuvning yana bir muhim bandi Hormuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq. Memorandum imzolangach, Eron bo‘g‘ozni barcha tijoriy kemalar uchun ochishi kerak. Hormuz bo‘g‘ozi jahon energetika bozori uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, u orqali katta hajmdagi neft va gaz tashiladi.
Bunga javoban AQSh Eron portlariga nisbatan harbiy-dengiz cheklovlarini bosqichma-bosqich olib tashlaydi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, bu jarayon 30 kungacha davom etishi mumkin.
AQSh prezidenti Donald Tramp kelishuv tez orada imzolanishi mumkinligini bildirgan. Uning aytishicha, hujjatni imzolash yaqin kunlarda amalga oshishi ehtimoli bor. Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif ham tomonlar elektron imzolash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgan.
Biroq Tehron hozircha yakuniy qaror qabul qilingani haqida gapirishga shoshilmayapti. Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy kelishuv «ertaga sodir bo‘lmasligi»ni, uning imzolanishi yaqin kunlarda bo‘lishi mumkinligini aytgan. Fars agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron hukumati ramka kelishuvi loyihasi bo‘yicha hali yakuniy qarorga kelmagan.
Avvalroq «Kursiv» Eron Trampning tinchlik kelishuvi tez orada imzolanishi haqidagi bayonotini rad etgani haqida yozgan edi.