
AQShning Missuri shtatida parashyutda sakrovchilar bilan havoga ko‘tarilgan xususiy samolyot halokatga uchradi. Oqibatda bortdagi 12 kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Reuters.
Hodisa 15-iyun kuni Batler shahri yaqinidagi Batler Memorial aeroporti hududida sodir bo‘lgan. Mahalliy rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, samolyot bortida 11 nafar parashyutchi va bir nafar uchuvchi bo‘lgan.
Parashyut parvozlarini tashkil etuvchi Skydive Kansas City kompaniyasi aviahalokat oqibatida bortdagi barcha yo‘lovchilar halok bo‘lganini ma’lum qildi. Marhumlarning shaxsi ularning yaqinlari xabardor qilingandan so‘ng e’lon qilinadi.

Pacific Aerospace 750XL rusumidagi bir dvigatelli samolyot mahalliy vaqt bilan soat 11:20 da havoga ko‘tarilgan. Biroq u kerakli balandlikka ko‘tarila olmagan va keskin chap tomonga burilib, uchish-qo‘nish yo‘lagidan taxminan 274 metr uzoqlikda qulab tushgan.
AQSh Transport xavfsizligi milliy kengashi va Federal aviatsiya ma’muriyati hodisa yuzasidan tergov boshlagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aviahalokat sabablari hozircha aniqlanmagan. Yakuniy hisobot 12 oydan 24 oygacha bo‘lgan muddatda e’lon qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliyada kichik samolyot turarjoy binosiga qulab tushgan edi.