Yangiliklar

BAA kompaniyasi O‘zbekistonda keramika mahsulotlari ishlab chiqarishi mumkin

O‘zbekiston diplomatlari kompaniya bosh direktori bilan muzokara o‘tkazdi
BAA kompaniyasi O‘zbekistonda keramika mahsulotlari ishlab chiqarishi mumkin / Foto: «Dunyo» AA

BAAning yirik kompaniyasi RAK Ceramics O‘zbekistonda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega qurilish materiallari, jumladan, keramika mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

O‘zbekiston diplomatlari kompaniya bosh direktori Abdulloh Massad bilan muzokara o‘tkazdi. Amirliklar vakillariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasining xomashyo salohiyati haqida ma’lumot berildi.

RAK Ceramics bosh direktori Abdulloh Massad O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal sur’atlarda rivojlanayotganini qayd etib, ayniqsa, qurilish va infratuzilma sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyihalar mamlakat bozorining xorijiy investorlar uchun jozibadorligini oshirayotganini ta’kidladi.

Muzokaralar yakunida tomonlar investitsiyaviy hamkorlikning aniq yo‘nalishlari va istiqbolli loyiha shartlarini qo‘shimcha ravishda ishlab chiqish, shuningdek, o‘zaro aloqalarni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Ma’lumot uchun, 1989-yilda Ras al-Xayma amirligida tashkil etilgan RAK Ceramics dunyodagi yirik keramika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan biridir. Kompaniya keramika plitkalari, sanitariya-texnika buyumlari va chinni idishlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, 150 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BAAning yirik xususiy tibbiyot guruhi NMC Healthcare O‘zbekistonda shifoxonalar va tibbiyot markazlari qurishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.