Yangiliklar

Beshta hududda 1,9 milliard so‘mdan ortiq energiya resurslari talon-toroj qilindi

Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Qariyb 300 million so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani aniqlandi
Beshta hududda 1,9 milliard so‘mdan ortiq energiya resurslari talon-toroj qilindi / Foto: Facebook

Xorazm, Namangan, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida salkam 2 mlrd so‘mlik tabiiy gaz hamda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq qator holatlar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Tekshiruvlar davomida Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida xususiy korxonasi mas’ul shaxslari «Namuna» MFY hududidagi mehmonxonani tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab, 631,2 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi.

Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida fuqaro «Arabxona» MFYdagi xonadonida 407,3 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘ldi. G‘uzor tumanida esa boshqa fuqaro «Eskibog‘» MFY hududidagi xonadonini gaz tarmog‘iga noqonuniy ulab, 105 mln so‘mlik tabiiy gazdan foydalangani aniqlangan.

Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi fuqaro «Firdavsiy» MFY hududidagi xonadonini umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulab, 216,2 mln so‘mlik tabiiy gazdan foydalangani qayd etildi.

Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida yana bir fuqaro xonadonini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 388,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Namangan viloyatining Chortoq tumanida fuqaro yer maydonidagi suv nasosini elektr tarmog‘iga noqonuniy ulab, 99,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan foydalangani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari «Xo‘jaobod» MFY hududidagi yer maydonida suv nasosini elektr tarmog‘iga noqonuniy ulab, 97,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan foydalangani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida yirik korrupsion sxema fosh etilgan edi.