Investitsiyalar

Endi chet elga investitsiya kiritish uchun oldindan ruxsat talab etilmaydi

Operatsiyalar hisobi to‘liq raqamlashtiriladi
2025-yilda O‘zbekistonga investitsiyalar hajmi 24 foizga oshdi
Foto: depositphotos

Markaziy bank kapital harakati bilan bog‘liq valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibini yangiladi. Endilikda ayrim hollarda chet elga investitsiya kiritish uchun oldindan alohida ruxsat olish talab etilmaydi, operatsiyalar hisobi esa to‘liq raqamlashtiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, kapital harakati operatsiyalarini jurnal shaklida yuritish amaliyotidan voz kechiladi. Barcha ma’lumotlar Markaziy bankning «Valyuta operatsiyalari hisobini yuritish» (FERUz) axborot tizimida elektron shaklda qayd etiladi.

Shuningdek, rezidentlar bunday operatsiyalarni faqat asosiy hisobvaraq ochilgan bank orqali emas, balki istalgan xizmat ko‘rsatuvchi bank orqali amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Chet elga investitsiya kiritish limitlari

Yangi qoidalarga muvofiq, bir kalendar yili davomida:

ToifaMaksimal summa
Davlat ulushi mavjud korxonalar va ularning sho‘ba tashkilotlari$100 ming
Davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar$200 ming
Jismoniy shaxslar$10 ming

Mazkur summalar doirasida chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun alohida ruxsat talab etilmaydi.

Filial va vakolatxonalarni moliyalashtirish imkoniyati kengaydi

Korxonalar o‘zlarining xorijdagi filiallari va vakolatxonalarini quyidagi miqdorlarda aylanma mablag‘ bilan ta’minlashi mumkin:

ToifaMaksimal summa
Davlat ulushi mavjud korxonalar va sho‘ba tashkilotlar$50 ming
Davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar$100 ming

Brokerlik hisobvaraqlari bo‘yicha yangi talab

Jismoniy shaxslar xorijdagi brokerlik yoki investitsiya hisobvaraqlarini to‘ldirishda faqat tegishli litsenziyaga ega investitsiya vositachilari xizmatlaridan foydalanishi kerak bo‘ladi.

Rezidentlar chet eldagi investitsiya faoliyati bo‘yicha ma’lumotlarni har chorakda xizmat ko‘rsatuvchi bankka taqdim etishi lozim. Shuningdek, kapital harakati operatsiyalari shartlariga kiritilgan har qanday o‘zgartirishlar 10 kun ichida bankka yetkazilishi kerak.

Yangi tartib kapital harakati operatsiyalarini yanada shaffof, tezkor va qulay shaklda amalga oshirishga xizmat qiladi. Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tib kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 6-avgustdan bankomatdagi nosozliklar uchun banklarga jarima qo‘llanishi haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, 2025-yilda bankomatlar bilan bog‘liq 290 mingdan ortiq muammoli holatlar qayd etilgan. Ularga naqd pul berilmasligi, kartalarning bankomatda qolib ketishi va boshqa texnik nosozliklar kiradi. Ayrim murojaatlar uzoq muddat davomida hal etilmagan, minglab fuqarolar esa masalani hal qilish uchun ichki ishlar organlariga murojaat etishga majbur bo‘lgan.