
O‘zbekistonda ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat korxonalarida ayrim funksiyalarni autsorsing shartlari asosida amalga oshirishning yagona tartibi joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Hukumat qarori bilan «Ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat korxonalarida autsorsing xizmatlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Mazkur hujjat davlat organlari va korxonalarida funksiyalarni autsorsing asosida tashkil etish mexanizmlarini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, autsorsing xizmatlari autsorserni tanlash, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, topshirilgan funksiyalarning sifatli bajarilishini ta’minlash hamda davlat buyurtmachisining tegishli funksiyalarini bajaruvchi xodimlar sonini qisqartirish tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish istagidagi ishtirokchilar tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi, topshirilayotgan funksiyalar yo‘nalishida kamida olti oy faoliyat yuritgan bo‘lishi hamda shartnomani bajarish uchun yetarli tajriba va resurslarga ega bo‘lishi lozim.
Shuningdek, ularda soliq va yig‘imlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik, shuningdek, sud qarorlari yuzasidan bajarilmagan majburiyatlar mavjud bo‘lmasligi talab etiladi.
Qarorga muvofiq, autsorsing xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat va monitoring davlat buyurtmachisi tomonidan shartnomada belgilangan shartlar hamda muddatlar asosida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ish tashlash tartibi rasman belgilangan edi.