Xavfsizlik

Farg‘onadan Toshkentga olib ketilayotgan giyohvandlik moddasi to‘xtatib qolindi

Unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan
Farg‘onadan Toshkentga olib ketilayotgan giyohvandlik moddasi to‘xtatib qolindi
Foto: DXX

Farg‘onadan Toshkentga olib ketilayotgan giyohvandlik moddasi to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

O‘tkazilgan tadbir davomida «Qo‘qon — Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Voyah» rusumli avtomobil Namangan viloyati Pop tumanidagi «Namangan» yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatildi. Avtomobilni Toshkent shahrida yashovchi 1995-yilda tug‘ilgan shaxs boshqarib ketayotgan bo‘lgan.

Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan tekshiruv vaqtida avtomobil salonidagi o‘rindiq ostidan qora rangli sellofan paket topildi. Paket ichida sof og‘irligi 1 kilogramm 178 gramm bo‘lgan «gashish» moddasi hamda 8 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlandi.

Holat protsessual tartibda rasmiylashtirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi mazkur moddalarni Toshkent shahridagi mijozlarga sotish maqsadida olib ketayotgan bo‘lgan.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qashqadaryoda ishga joylashtirishni va’da qilgan soxta prokuror ushlangani haqida yozgan edi.