Investitsiyalar

Fond bozori: «Kvarts» aksiyalari qariyb 7 foizga oshdi

5-iyundan 12-iyungacha bo‘lgan davrda
Fond bozori: «Kvarts» aksiyalari qariyb 7 foizga oshdi
Foto: depositphotos

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 5-iyundan 12-iyungacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatdi. Ammo UCI fond indeksi 4,65 foizga tushdi.

Ushbu davr mobaynida «Kvarts» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 6,89 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Uzbekinvest» (+6,38%) va «SQB» aksiyalarida (+5,39%) ham o‘sish qayd etildi.

O‘z navbatida, «Ipoteka-bank» aksiyalari 9,92 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «BRB» (-8,69%) va «O‘ztransgaz» (-8,23%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Agrobank» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Yuqori likvidli aksiyalardan 20 tasi haftani ijobiy, bittasi o‘zgarishsiz va 17 tasi salbiy natija bilan yakunladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Adliya vazirligi fond birjasi, birjadan tashqari savdo tashkilotchisi va investitsiya maslahatchilari faoliyatiga oid yangi nizomlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgandi. Unga ko‘ra, endi fond birjasi va qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi sifatida ishlash uchun yuridik shaxslarga cheklanmagan muddatga litsenziya beriladi.

Litsenziya talabgori ustav fondini BHMning 5 800 baravari miqdorida pul mablag‘i shaklida shakllantirishi kerak. Shuningdek, ulushlarni sotish, rahbarlar almashinuvi va boshqa muhim masalalar litsenziyalovchi organ bilan kelishiladi.