
General Motors 2027-yilgi elektromobillari uchun yangi quvvatlash paketlarini taqdim etdi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Kompaniya elektromobillarining bir qismi Shimoliy Amerika quvvatlash standarti — NACS portiga o‘tayotgani sababli, GM adapterlar va uy sharoitida quvvatlash qurilmalarini alohida tanlash o‘rniga ularni tayyor paketlar ko‘rinishida taklif qilmoqda.
Yangi model yili uchun uchta paket mavjud: Level 2 and Fast Charging Adapter Package, Charging Essentials Package va Premium Charging Package. Birinchi ikkita paket asosan mavjud aksessuarlarni qulayroq buyurtma qilish uchun birlashtiradi. Premium paket esa GM Energy uskunalarini o‘z ichiga oladi va uy sharoitidagi yanada ilg‘or quvvatlash tizimlariga mo‘ljallangan.
Ular qanday ishlaydi

Level 2 and Fast Charging Adapter Package eng sodda paket hisoblanadi. Uning narxi $256 etib belgilangan. Ushbu to‘plamga GM J1772 AC adapteri va GM CCS1 DC adapteri kiradi. Bu adapterlar NACS portiga ega elektromobil egalariga eski quvvatlash uskunalaridan foydalanish imkonini beradi.
Charging Essentials Package yanada kengroq imkoniyat taklif qiladi. Uning narxi $1,1 mingni tashkil etadi. Bu paketga ikki adapter bilan birga GM PowerUp 2 NACS Charger uy quvvatlagichi ham qo‘shilgan. Mazkur qurilma elektromobilni uyda muntazam quvvatlash uchun mo‘ljallangan. Uning alohida narxi $899 bo‘lib, adapterlar bilan birga umumiy summa paket narxiga teng keladi.
Eng to‘liq variant Premium Charging Package hisoblanadi. Uning narxi $2,4 ming qilib belgilangan. Ushbu paketga GM Energy PowerShift Charger va GM PowerShift AC Charging Adapter kiradi. Bu uskunalar faqat shu paket orqali birga taklif qilinadi. Premium to‘plam GM Energy’ning ilg‘or uy energiya boshqaruvi imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlaydigan foydalanuvchilarga mo‘ljallangan.
GM’ning yangi paketlash strategiyasi dilerlar va xaridorlar uchun buyurtma jarayonini soddalashtirishga qaratilgan. Kompaniya PEB va PEC paketlarida aksessuarlarga chegirma bermagan, biroq kerakli jihozlarni alohida izlab tanlash zaruratini kamaytirgan. Bu esa avtomobil konfiguratsiyasi vaqtida muhim adapter yoki quvvatlagichni unutib qoldirish xavfini pasaytiradi.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Bolt 2027 qulayroq va tezroq bo‘lgani haqida yozgan edi.