Yangiliklar

Imkon qadar niqoblardan foydalaning — Maxsus komissiya

PM10 ko‘rsatkichi qisqa muddatga oshishi mumkin
Bugun havodagi chang zarrachalari miqdori ortishi mumkin
Foto: Sun’iy intellekt

«O‘zgidromet» bugun Toshkent shahrida shamol kuchayishi fonida qisqa muddatli chang-to‘zonlar yuzaga kelishi mumkinligini bildirgandi. Shu sabab Maxsus komissiya ogohlantirish bilan chiqdi.

Unga ko‘ra, poytaxt hududiga nam havo massalari kirib kelishi arafasida ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, shamol tezligi esa 12–14 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

Kuchli shamol ta’sirida ayrim hududlarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Shu sababli atmosfera havosidagi chang zarrachalari, xususan, PM10 ko‘rsatkichi qisqa muddatga oshishi ehtimoli bor.

Biroq mutaxassislar bu holat vaqtinchalik ekanini ta’kidlamoqda. Kunning ikkinchi yarmida kutilayotgan qisqa muddatli yomg‘irlar hisobiga havo asta-sekin tozalanishi prognoz qilinmoqda.

Mutaxassislar nafas yo‘llari kasalliklari, allergiya hamda yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan fuqarolarga ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya qilmoqda. Zarurat bo‘lmaganda uzoq vaqt ochiq havoda bo‘lmaslik, deraza va eshiklarni yopiq saqlash hamda niqobdan foydalanish maqsadga muvofiq.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 16 – 19-iyun kunlari 9 ta viloyatda sel xavfi e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planib, suv bosish holatlari yuzaga kelishi mumkin.