Yangiliklar

Kongoda Ebola bilan kasallanish holati bir sutkada 72 taga ko‘paydi

Hukumatning 14-iyun kuni e’lon qilgan ma’lumotlariga binoan
Kongoda Ebola bilan kasallanish holati bir sutkada 72 taga ko‘paydi / Foto: Reuters

Kongoda oxirgi 24 soat ichida Ebola bilan kasallanishning 72 ta yangi holati tasdiqlangan. Natijada jami tasdiqlangan holatlar soni 782 nafarga yetdi, deya xabar bermoqda Reuters.

Hukumat tomonidan 14-iyun kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, bu amaldagi epidemiya boshlanganidan buyon bir kun ichida qayd etilgan eng yirik o‘sishlardan biri hisoblanadi.

Tasdiqlangan holatlar orasida 181 ta o‘lim holati qayd etilgan. Hozirgi epidemiya Kongo Demokratik Respublikasida qayd etilgan 17-Ebola epidemiyasi bo‘lib, u mamlakatning sharqiy qismidagi Ituri, Shimoliy Kivu va Janubiy Kivu provinsiyalarida tarqalmoqda.

Shu bilan birga, Ituri provinsiyasidagi Nia-Nia hamda Shimoliy Kivu provinsiyasidagi Mabalako sog‘liqni saqlash hududlarida ilk bor Ebola holatlari tasdiqlandi.

Ayni paytda Ituri provinsiyasining 36 ta sog‘liqni saqlash hududidan 20 tasida, Shimoliy Kivuning 34 ta hududidan 10 tasida hamda Janubiy Kivuning bir hududida kasallik holatlari qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq Kongoda Ebola bilan kasallanganlar soni 670 nafarga yaqinlashgani haqida xabar bergan edik.