
Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga qaratilgan adabiyotlarni o‘qiganligini tasdiqlovchi komissiya faoliyati belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Hukumatning 2026-yil 12-iyundagi 307-son qarori bilan «Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning jazoni o‘tash davrida to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlarni o‘qiganligi faktini tasdiqlash bo‘yicha komissiya faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, talabgorning test sinovini topshirish jarayonini nazorat qilish va uning natijalarini xulosa asosida tasdiqlash uchun muassasa xodimlari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tuziladi. Komissiya yig‘ilishlari, qoida tariqasida, yiliga kamida ikki marta – fevral va avgust oylarida o‘tkaziladi.
Komissiya xulosasi talabgorga imzo qo‘ydirilgan holda tanishtiriladi va uning shaxsiy yig‘majildiga qo‘shib qo‘yiladi. Xulosaning ko‘chirma nusxasi prokurorga yuboriladi, shuningdek, mahkumning himoyachisiga uning so‘roviga ko‘ra taqdim etiladi.
Qarorga muvofiq, talabgor test sinovi natijalari bilan tanishtirilgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida test o‘tkazish jarayoni yoki uning natijalari yuzasidan shaxsan o‘zi yoki himoyachisi orqali sudga shikoyat kiritishi mumkin.
Sud shikoyatni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, talabgor keltirgan dalillar tasdiqlanmagan taqdirda test sinovi natijalarini o‘zgarishsiz qoldirishi yoki dalillar asosli deb topilgan hollarda shikoyatni qanoatlantirib, test natijalarini bekor qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlar zamonaviy raqamli kasblarga o‘qitilishi haqida yozgan edik.