Avto

Moskvich M70 uchun gibrid va to‘liq yuritmali versiyalar tayyorlanmoqda

Moskvich M70 uchun gibrid va to‘liq yuritmali versiyalar tayyorlanmoqda
Foto: «Moskvich»

2026-yil davomida «Moskvich» dilerlarida gibrid avtomobillar, shuningdek, Moskvich M70 krossoverining to‘liq yuritmali — 4×4 versiyasi paydo bo‘lishi mumkin. Ayni vaqtda yangi modifikatsiyalar Rossiya yo‘llarida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Gibrid texnologiyalarga o‘tish brend uchun muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Bunday avtomobillar yoqilg‘i sarfini kamaytirish, yurish zaxirasini oshirish va elektromobillar infratuzilmasi bir xil rivojlanmagan hududlarda haydovchilarga ko‘proq erkinlik berishi bilan ahamiyatli.

Zavod vakillariga ko‘ra, asosiy e’tibor texnikani Rossiya sharoitlariga moslashtirishga qaratilmoqda. Bunda sovuq qish, qorli yo‘llar, notekis trassalar va murakkab ekspluatatsiya sharoitlari hisobga olinadi.

Shu bilan birga, «Moskvich» muhandislari M70 krossoverining to‘liq yuritmali versiyasini ham sinovdan o‘tkazmoqda. Hozirda brendning ko‘plab krossoverlari old yuritmali konfiguratsiyada taklif etiladi. 4×4 tizimiga ega M70 esa modelning imkoniyatlarini kengaytirib, uni hududlarda yashovchi haydovchilar va faol dam olishni yoqtiradigan xaridorlar uchun jozibaliroq qilishi mumkin.

To‘liq yuritma avtomobilning qorli yo‘llar, loyli yoki shag‘alli yo‘laklar, shuningdek, murakkab ob-havo sharoitlaridagi harakatlanish imkoniyatini oshiradi. Bundan tashqari, bunday tizim haydovchiga sirpanchiq yo‘llarda ko‘proq ishonch beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri «Moskvich» avtomobillarining savdosi keskin pasaygani haqida yozgan edi.