Yangiliklar

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2028-yilgacha Markaziy Osiyodagi eng tez o‘sayotganlardan biri bo‘lib qoladi — YTB

2026-yilda AQSh dollarining o‘rtacha kursi 12 200 so‘mni tashkil etadi
O‘zbekiston iqtisodiyoti 2028-yilgacha Markaziy Osiyodagi eng tez o‘sayotganlardan biri bo‘lib qoladi — YTB / Foto: Pexels

Yevroosiyo taraqqiyot banki (YTB)ning 2026 – 2028-yillarga mo‘ljallangan makroiqtisodiy sharhiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti yaqin yillarda yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’atlari bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinlardan birini saqlab qoladi.

Bank prognoziga muvofiq, 2026-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,9 foizga o‘sadi. 2027 va 2028-yillarda esa iqtisodiy o‘sish sur’ati 6,7 foiz darajasida bo‘lishi kutilmoqda.

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, 2026-yilda inflyatsiya 6,8 foizni tashkil etadi. Keyingi ikki yilda esa ushbu ko‘rsatkich 5,5 foizgacha pasayishi prognoz qilinyapti.

YTB tahlilchilari O‘zbekistonda o‘rtacha asosiy stavka joriy yil yakuniga qadar 13,7 foizgacha tushishini kutmoqda. 2027 – 2028-yillarda esa bu ko‘rsatkich 11,8 foiz darajasiga pasayishi taxmin qilinayotir.

Prognozlarning ko‘rsatishicha, 2026-yilda AQSh dollarining o‘rtacha kursi 12 200 so‘mni tashkil etadi. Kelgusi ikki yilda esa dollar kursi o‘rtacha 13 500 so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

YTB Tahliliy ishlar direksiyasi rahbari Aleksey Kuznetsovning ta’kidlashicha, Fors ko‘rfazidagi mojaro davom etayotganiga qaramay, Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan mintaqalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

«2026-yilda Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 6,5 foizdan yuqori sur’atda o‘sadi va mintaqaning umumiy yalpi ichki mahsuloti $600 mlrddan oshadi. Bu esa hududning investitsiyalar uchun yanada jozibador bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi», – deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fitch O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga yaxshilagani haqida yozgan edik.