Yangiliklar

JCh – 2026: O‘zbekistonning ilk o‘yinini angliyalik hakam boshqaradi

Eng tajribali referilardan biri sanalgan Anthony Taylor
O‘zbekiston–Kolumbiya bahsini boshqarishga FIFA referisi tayinlandi
Foto: OneFootball

2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining «K» guruhi ilk turidan o‘rin olgan O‘zbekiston va Kolumbiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni boshqaradigan hakamlar brigadasi rasman tasdiqlandi.

Muhim bahsni xalqaro maydondagi eng tajribali referilardan biri sanalgan Anthony Taylor boshqaradi. Angliyalik hakamga qanotlarda Gari Besvik va Adam Nann yordam beradi.

Shuningdek, uchrashuvda to‘rtinchi hakam sifatida kosta-rikalik Xuan Kalderon faoliyat yuritadi. Zaxira assistent hakam vazifasi esa Xuan Karlos Moraga yuklatilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatidagi yurishini Kolumbiyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Uchrashuv 18-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 07:00 da start olishi belgilangan.

Mazkur bahs o‘zbekistonlik muxlislar tomonidan katta qiziqish bilan kutilmoqda, chunki terma jamoa mundialdagi ilk o‘yinida kuchli Janubiy Amerika vakiliga qarshi maydonga tushadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston – Kolumbiya o‘yini chiptalar savdosida peshqadam ekani haqida yozgandi.