
Raqobat qo‘mitasi monopol korxonalarni narxlarni asossiz oshirmaslikka va amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga chaqirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
1-iyundan boshlab yonilg‘i-energetika resurslari narxlarining 10 foizga oshishi ayrim mahsulot va xizmatlar tannarxiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq bu holat monopol va tabiiy monopol korxonalar tomonidan narxlarni asossiz oshirish uchun asos bo‘la olmaydi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, yonilg‘i-energetika resurslarining tannarxdagi ulushi oldindan tahlil va prognoz qilingan. Shu bilan birga, ilgari mahsulot va xizmat narxlarini yuqori darajada shakllantirgan ayrim ustun mavqega ega korxonalarga nisbatan tegishli ta’sir choralari ko‘rilgan.
Raqobat qo‘mitasi monopol va tabiiy monopol korxonalarni narx belgilashda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga chaqiradi. Asossiz narx oshirish holatlariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi ogohlantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, narxlar iqtisodiy asoslanmasdan oshirilgan taqdirda qonunchilikka muvofiq moliyaviy jarimalar va boshqa ta’sir choralari qo‘llaniladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Raqobat qo‘mitasi JCh – 2026 oldidan o‘zbekistonliklarni ogohlantirgani haqida yozgandi.