
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga tavallud kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Tabrik maktubida Si Szinpin Xitoy Xalq Respublikasi va Xitoy Kommunistik partiyasining ulug‘ siyosiy namoyandasi sifatida mamlakat xalqini yangi marralar sari boshlab borayotgani ta’kidlandi. Davlat rahbari Xitoy yetakchisining Vatan va xalqqa bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati, ulkan mas’uliyat hissi hamda uzoqni ko‘ra olishga asoslangan strategik tafakkurini alohida qayd etdi.
«Sizning oqilona rahbarligingiz ostida Xitoy modernizatsiyasi izchil davom etmoqda, millatning buyuk tiklanishi va yuksalishiga qaratilgan siyosatingiz mamlakatingiz tarixiga yorqin sahifa sifatida yozilmoqda», – deyiladi maktubda.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi yuksak sur’atiga ham alohida e’tibor qaratdi. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va barcha sharoitlardagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlat rahbari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar jarayonida Xitoy tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlovni yuqori baholadi.
Maktubda o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida barcha asosiy yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamda ko‘p pog‘onali hamkorlik mexanizmlari shakllantirilgani ta’kidlangan.
Avvalroq «Kursiv» Mirziyoyev Donald Trampni tavallud kuni bilan tabriklagani haqida yozgan edi.