Yangiliklar

Turkiyada «O‘zbekiston mahallasi» rasman ochildi

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev bulvari hamda Toshkent va Samarqand ko‘chalari tantanali ravishda ochildi
Turkiyada «O‘zbekiston mahallasi» rasman ochildi
«Dunyo» AA

Turkiyaning Hatay viloyatida O‘zbekiston tomonidan qurilgan turar-joy majmuasi negizida tashkil etilgan «O‘zbekiston mahallasi», Shavkat Mirziyoyev bulvari hamda Toshkent va Samarqand ko‘chalari tantanali ravishda ochildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston va Turkiya parlamentlari rahbarlari, viloyat hokimlari, rasmiylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Turkiya Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush ushbu tashabbus ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik ramzi ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Arsuz tumanida O‘zbekiston tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi nomlarning abadiylashtirilishi xalqlar o‘rtasidagi yaqin aloqalarning yorqin ifodasi.

«Dunyo» AA

Hatay viloyati hokimi Mustafo Masatli esa 2023-yilda yuz bergan halokatli zilziladan so‘ng O‘zbekiston ko‘rsatgan yordam turk xalqi tomonidan unutilmasligini qayd etdi.

Marosim davomida Shavkat Mirziyoyev bulvari, Toshkent va Samarqand ko‘chalarining ochilishi munosabati bilan ramziy tasma kesildi.

Ma’lum qilinishicha, «O‘zbekiston mahallasi» O‘zbekistonning Hatayni tiklashga qaratilgan gumanitar ko‘magining muhim namunasi bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va qardoshlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya O‘zbekistonning 2026-yilgi ilk chorakdagi hamkor Top – 10 davlatlari qatoriga kiradi. Unga ko‘ra, ushbu davlat bilan savdo aylanmasi $653,4 mlnni tashkil etadi.