
Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Italiya AQSh hamda Eron o‘rtasida urushni yakunlash bo‘yicha erishilgan kelishuvdan so‘ng Eronga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Unga ko‘ra, mazkur davlatlar 14-iyun kuni qo‘shma bayonot bilan chiqib, Eronning yadro dasturi bo‘yicha aniq qadamlar tashlashi evaziga sanksiyalarni bekor qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Qo‘shma bayonotda Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerakligi ta’kidlangan. Shuningdek, to‘rt davlat ushbu maqsadga erishish uchun AQSh, Eron va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgan.
Qayd etilishicha, sanksiyalarni bekor qilish masalasi Eronning yadro dasturi bo‘yicha qabul qiladigan keyingi qarorlari va xalqaro hamkorlik darajasiga bog‘liq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan sulh kelishuvi tuzilganini va Hormuz bo‘g‘ozi kemalar qatnovi uchun qayta ochilishini ma’lum qilgan edi. Keyinroq bu ma’lumotni Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kazem Gharibabadi ham tasdiqladi.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning bildirishicha, rasmiy imzolash marosimi 19-iyun kuni Shveysariyada bo‘lib o‘tadi. Muzokaralarda Qatar, Saudiya Arabistoni va Turkiya ham vositachilik qilgan.