Yangiliklar

AQSh va Eron sulh bitimini imzoladi, tafsilotlar hozircha ochiqlanmagan

Tramp bu haqda Fransiyada bo‘lib o‘tadigan G7 sammitiga yetib kelganidan so‘ng gapirgan
AQSh va Eron sulh bitimini imzoladi, tafsilotlar hozircha ochiqlanmagan
Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh va Eron Fors ko‘rfazidagi urushni yakunlash bo‘yicha dastlabki kelishuvni imzolaganini ma’lum qildi. Reuters xabariga ko‘ra, bitim tafsilotlari hozircha ommaga e’lon qilinmagan.

Tramp bu haqda Fransiyada bo‘lib o‘tadigan G7 sammitiga yetib kelganidan so‘ng gapirdi. Uning aytishicha, kelishuv «allaqachon imzolangan». AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens juma kuni Jenevada o‘tadigan rasmiy imzolash marosimida ishtirok etishi kutilmoqda.

Mazkur kelishuv aprel oyida e’lon qilingan mo‘rt sulhni yana 60 kunga uzaytirishi va Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochishi kerak. Eron ushbu bo‘g‘ozni fevral oyida AQSh va Isroil tomonidan Eronga uyushtirilgan hujumlardan keyin amalda to‘sib qo‘ygan edi.

AQSh va Eron o‘rtasidagi yangi kelishuv urushni to‘xtatish yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda. Mojaro oqibatida kamida 7 ming kishi halok bo‘lgani, qurbonlarning asosiy qismi Eron va Livanga to‘g‘ri kelgani keltirilmoqda.

Kelishuv Hormuz bo‘g‘ozidagi cheklovlarni olib tashlashi kerak. Biroq yuk tashuvchi kompaniyalar qatnov xavfsizligi kafolatlanmaguncha transport harakati to‘liq tiklanmasligini bildirgan.

Avvalroq «Kursiv» AQSh – Eron kelishuvi ortidan neft 4 foizga arzonlashgani haqida yozgan edi.