Yangiliklar

AQShda B-52 bombardimon samolyoti halokatga uchradi: sakkiz kishi halok bo‘ldi

Hodisa sabablari hozircha noma’lum
AQShda B-52 bombardimonchi samolyoti halokatga uchradi / Foto: AP

AQShning Kaliforniya shtatidagi Edvards harbiy-havo bazasida B-52 Stratofortress bombardimonchi samolyoti halokatga uchradi. Oqibatda bortdagi sakkiz kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Reuters.

AQSh Harbiy-havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 15-iyun kuni Janubiy Kaliforniyadagi Mojave cho‘lida joylashgan Edvards harbiy-havo bazasida sodir bo‘lgan. Radarlarni modernizatsiya qilish dasturi doirasidagi navbatdagi sinov parvozini amalga oshirayotgan samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay qulab tushib, yonib ketgan.

Ma’lum qilinishicha, ekipaj tarkibida harbiy xizmatchilar, davlat idoralari xodimlari va pudratchi tashkilotlar vakillari bo‘lgan. Samolyotni ishlab chiqqan Boeing kompaniyasi halok bo‘lganlar orasida uning ikki nafar xodimi ham borligini tasdiqladi.

Foto: Getty Images

Hodisa oqibatida uchish-qo‘nish yo‘lagiga zarar yetgani sababli Edvards harbiy-havo bazasidagi barcha parvozlar kamida seshanba kunigacha to‘xtatildi.

B-52 Stratofortress AQShning uzoq masofaga mo‘ljallangan strategik bombardimonchi samolyoti bo‘lib, yadro va an’anaviy qurollarni tashishga mo‘ljallangan. Mazkur turdagi samolyot bilan bog‘liq so‘nggi halokat 2016-yilda Guam orolida sodir bo‘lgan, o‘shanda bortdagi yetti nafar ekipaj a’zosi omon qolgan edi.

Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq AQShning Missuri shtatida parashyutda sakrovchilar bilan havoga ko‘tarilgan xususiy samolyot halokatga uchragan edi. Aviahalokatda 12 kishi halok bo‘ldi.