Yangiliklar

Dunyodagi deyarli barcha bolalar iqlim xavfi ta’siri ostida qolmoqda — UNICEF

Somali, Madagaskar, Myanmar, Kambodja va Pokiston bolalar uchun eng xavfli mamlakatlar qatoriga kirdi
Dunyodagi deyarli barcha bolalar iqlim xavfi ta’siri ostida qolmoqda — UNICEF / Foto: Reuters

BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) hisobotiga ko‘ra, dunyodagi deyarli barcha bolalar kamida bitta iqlim xavfi ta’siriga duch kelmoqda. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Hisobotda qayd etilishicha, qurg‘oqchilik 1,8 mlrd nafar, ekstremal issiq esa 1,2 mlrd nafar bolaga xavf tug‘dirmoqda. Tashkilot bolalar iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan nomutanosib darajada zarar ko‘rayotganini ta’kidlab, hukumatlarni infratuzilma, moslashuv choralari va tabiiy ofatlarga tayyorgarlik tizimlariga sarmoyalarni oshirishga chaqirdi.

Hisobotda iqlim bilan bog‘liq turli xavf-xatarlar, havo ifloslanishi hamda bezgak kabi hasharotlar orqali yuqadigan kasalliklar tahdidi tahlil qilingan. Shuningdek, ichimlik suvi, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari ham hisobga olingan.

Tahlillarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 1,1 mlrd nafar bola bir vaqtning o‘zida kamida uchta iqlim xavfi ta’sirida yashamoqda. UNICEF bu holatni hukumatlar va ijtimoiy xizmatlar tizimiga jiddiy bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lgan o‘zaro bog‘liq xavflar zanjiri sifatida baholadi.

Xavf ko‘rsatkichiBolalar soni (nafar)
Qurg‘oqchilik xavfi ostidagi bolalar1,8 milliard
Ekstremal issiq xavfi ostidagi bolalar1,2 milliard
Kamida 3 ta iqlim xavfiga duch kelayotgan bolalar1,1 milliard
Bezgak xavfi ostidagi bolalar1 milliard
Tropik bo‘ronlar xavfi ostidagi bolalar662 million
Daryo toshqinlari xavfi ostidagi bolalar337 million
Qirg‘oqbo‘yi toshqinlari xavfi ostidagi bolalar33 million

Hisobotda qayd etilishicha, 662 mln nafar bola tropik bo‘ronlar, 337 mln nafari daryo toshqinlari, 33 mln nafari esa qirg‘oqbo‘yi toshqinlari xavfi ostida qolmoqda. Bundan tashqari, asosan Afrika davlatlarida yashovchi 1 mlrd nafar bola bezgak kasalligi xavfiga duch kelmoqda.

2024-yilda iqlim bilan bog‘liq ofatlar sababli 85 ta mamlakatdagi 242 mln nafar bolaning ta’lim jarayoni uzilgan. UNICEF Somali, Madagaskar, Myanmar, Kambodja va Pokistonni bolalar uchun eng xavfli mamlakatlar qatoriga kiritdi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga tayanadigan Bangladesh, Indoneziya, Nigeriya, Pokiston va Tanzaniyada qurg‘oqchilik xavfi ostida yashayotgan bolalar soni eng yuqori ekani qayd etildi. Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlarda yashovchi bolalar ham qurg‘oqchilik, cho‘llanish, jazirama va kutilmagan toshqinlardan ko‘proq zarar ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq JSST xavfli oziq-ovqat sabab yiliga 1,5 mln kishi vafot etishini ma’lum qilgan edi. Ular ichida bolalar ham bor.