
Honor kompaniyasi tomonidan yangi Honor X80 Pro Max smartfoni 22-iyun kuni Xitoy bozorida sotuvga chiqadi. Bu haqda Mydrivers nashri ma’lum qildi.
Yangi qurilmaning asosiy ustunliklari sifatida juda katta akkumulyator, mustahkam korpus, suvdan yuqori darajadagi himoya va bepul ekran almashtirish xizmati ko‘rsatilmoqda.
Honor ma’lumotiga ko‘ra, X80 Pro Max SGS Gold Label Five-Star sertifikatidan o‘tgan. Bu qurilmaning og‘ir sharoitlarda tushib ketishga chidamliligi sinovdan o‘tkazilganini bildiradi. Kompaniya smartfon 3 metr balandlikdan tushib ketishga bardosh bera olishini ta’kidlamoqda.
Honor X80 Pro Max suvdan himoya bo‘yicha ham kuchli ko‘rsatkichlarga ega bo‘ladi. Qurilma IP68, IP69 va IP69K sertifikatlaridan o‘tgan. Bu smartfon chang va suvdan yuqori darajada himoyalanganini anglatadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 10 metrgacha chuqurlikdagi suvga tushirilganda ham bardosh bera oladi. Shuningdek, qurilma 100 ming marta suvga botirish sinovidan o‘tkazilgani aytilmoqda.
Insayderlik ma’lumotlariga ko‘ra, Honor X80 Pro Max 11 000 mA/soat sig‘imli yirik akkumulyator bilan jihozlanadi. Bu hozirgi smartfonlar orasida juda katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Batareya 90 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday sig‘im qurilmaga bir necha kunlik avtonom ishlash imkonini berishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» nashri Honor X70 Pro Max katta batareya bilan taqdim etilgani haqida yozgan edi.