Gadjetlar

Huawei uch marta buklanuvchi smartfon ustida ishlamoqda

Asosiy kamera orqa panelda joylashadi
Huawei uch marta buklanuvchi smartfon ustida ishlamoqda
Foto: xleaks7 x PostFast

Huawei uch marta buklanadigan yangi smartfon konsepsiyasini patentladi. Qurilma bozorda hozircha uchramagan o‘ziga xos dizaynga ega bo‘lishi mumkin. Bu haqda Huaweicentral xabar berdi.

Yaqinda e’lon qilingan patent hujjatlarida Huawei’ning yangi buklanuvchi smartfoni tasvirlangan. Qurilma vertikal S-shakldagi uch qismli buklanish tizimidan foydalanadi. Bu esa smartfonni yig‘ilgan holatda ancha ixcham qilish imkonini beradi.

Foto: xleaks7 x PostFast

Konsepsiyaga ko‘ra, qurilma ochilganda cho‘zilgan formatdagi yupqa smartfonga aylanadi. Asosiy kamera orqa panelda joylashadi, old kamera esa displeyning yuqori qismidagi kichik teshik ko‘rinishida bo‘ladi.

Patentda, shuningdek, antennalar va boshqa komponentlar uchun optimallashtirilgan ichki tuzilma haqida ham ma’lumot berilgan. Bu murakkab konstruksiyaga qaramay signal yo‘qotilishini kamaytirishga yordam berishi kerak.

Foto: xleaks7 x PostFast

Qurilmada egiluvchan displey, mustahkamlangan korpus ramkasi va maxsus himoya qatlamlari qo‘llanishi ham qayd etilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon Pura X TriFold nomi bilan taqdim etilishi mumkin. Biroq Huawei hozircha bu nom yoki qurilma haqida rasmiy ma’lumot bermagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huawei Nova Y74 katta batareya bilan taqdim etilgandi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, smartfon 30 soatgacha video ko‘rish, 60 soatgacha musiqa tinglash va ikki sutkagacha uzluksiz suhbatlashish imkonini beradi.