Gadjetlar

iPhone 18 Pro’ning yangi tasvirlari va videosi paydo bo‘ldi

Yangi iPhone’lar dizayn jihatidan amaldagi modellarga o‘xshash
iPhone 18 Pro’ning yangi tasvirlari va videosi paydo bo‘ldi
Ekran tasviri / Ahmadansari2233

Internetda iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max modellari aks etgan yangi video tarqaldi. Videoda smartfonlar sizib chiqqan ma’lumotlar va maketlar asosida turli ranglarda hamda turli rakurslardan namoyish etilgan.

Tasvirlarga ko‘ra, yangi iPhone’lar dizayn jihatidan amaldagi modellarga o‘xshash bo‘lib qoladi. Orqa panelda uchta sensorli yirik kamera bloki va Apple’ga xos tugmalar joylashuvi saqlanib qolgan.

Avvalroq texnobloger va insayder Sahil Karul iPhone 18 Pro hamda iPhone 18 Pro Max’ning haqiqiy maketlari aks etgan eksklyuziv foto va videolarni e’lon qilgandi. Unda qurilmalar to‘rtta yangi rangda ko‘rsatilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max taqdimoti 2026-yil sentabr oyida bo‘lib o‘tadi. Smartfon korpusi yaxlit alyuminiy qotishmasidan tayyorlanadi, kamera qismi esa Ceramic Shield himoya qoplamasi bilan mustahkamlanadi.

Shuningdek, yangi modellarning qalinligi biroz oshishi kutilmoqda. Masalan, iPhone 18 Pro Max kamera bilan birga 13,77 mm qalinlikka ega bo‘lishi mumkin. Bu esa kattaroq kamera moduli va yaxshilangan optik tizimdan darak beradi.

Yana bir muhim yangilik bu iPhone 18 Pro seriyasi TSMC ishlab chiqaradigan ilk 2 nanometrli A20 Pro protsessori bilan jihozlanishi kutilmoqda. Bu chip unumdorlik va energiya samaradorligini sezilarli darajada oshirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dark Cherry nomli to‘q olcha rang iPhone 18 Pro avlodining asosiy rangi bo‘lishi mumkinligi xabar qilingandi. Shuningdek, Apple klassik qora rangni Pro lineykaga qaytarishi kutilmoqda.