Avto

Lynk & Co 07 GT avtomobili namoyish qilindi

Lynk & Co 07 GT avtomobili namoyish qilindi
Foto: Lynk & Co

Geely kompaniyasiga qarashli Lynk & Co brendi tomonidan yangi Lynk & Co 07 GT avtomobili namoyish qilindi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

U 07 EM-P sedaniga asoslangan sport uslubidagi plug-in gibrid universal hisoblanadi. Kompaniya tarixidagi ilk universal model to‘liq yuritma, kuchaytirilgan tormoz tizimi va 200 km dan ortiq elektr yurish zaxirasi bilan ajralib turadi.

Tashqi ko‘rinishidan Lynk & Co 07 GT sedan versiyasidan keskin farq qilmaydi. Model brendning taniqli dizayn uslubini saqlab qolgan: old qismda ikki qavatli optika, agressiv chiziqlar va 2022-yilda namoyish qilingan «The Next Day» konsept-kariga xos yechimlar ko‘zga tashlanadi.

Foto: Lynk & Co

Avtomobil kuzovida «Downforce» yozuvlari ham qo‘llangan. Bunday uslub ilgari Lynk & Co 03+ sedanida ham ishlatilgan edi. Bu orqali ishlab chiqaruvchi 07 GT’ni oddiy oilaviy universal emas, balki sport xarakteriga ega model sifatida taqdim etmoqchi.

Ichki qismi

Salon dizayni Lynk & Co‘ning boshqa zamonaviy modellariga yaqin. Ichki qismda mikrozamsha qoplamalar, yorqin neon-sariq xavfsizlik kamarlari va sport uslubidagi old o‘rindiqlar ishlatilgan. Bu yechimlar modelning sport ruhini interyerda ham davom ettiradi.

Foto: Lynk & Co

Lynk & Co hozircha 07 GT narxlarini rasman e’lon qilmagan. Model brend qatorida 07 va 10 sedanlari o‘rtasida joylashadi. Xitoyda 07 sedanining boshlang‘ich narxi 155 800 yuan, Lynk & Co 10 esa 175 800 yuandan boshlanadi. Shu sababli 07 GT narxi taxminan 165 ming yuan atrofidan boshlanishi mumkinligi aytilmoqda.

Texnik jihatdan 07 GT plug-in gibrid EM-P tizimi bilan jihozlanadi. Sedan versiyasida ushbu tizim 1,5 litrli turbo dvigatel va old elektromotor orqali 300 kVt, ya’ni 402 ot kuchi ishlab chiqaradi. Universal modelda esa to‘liq yuritma ham taklif etiladi. Orqa o‘qda alohida elektromotor ishlatiladi, biroq uning aniq quvvati hozircha oshkor qilinmagan.

Avtomobilning uzunligi 4 856 mm, kengligi 1 900 mm, balandligi 1 485 mm, g‘ildirak bazasi esa 2 843 mmni tashkil qiladi. Komplektatsiyaga qarab, uning og‘irligi 1 915 kg dan 2 029 kg gacha bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan MG 07 elektromobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.