Banklar va moliya

MB eng yomon ishlayotgan banklar reytingini ochiqlaydi

Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar asosida
MB eng yomon ishlayotgan banklar reytingini ochiqlaydi
Foto: depositphotos.com

O‘zbekiston Markaziy banki endilikda fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar asosida banklar faoliyatini baholab, eng past ko‘rsatkichga ega moliyaviy tashkilotlarni ommaga e’lon qilib borishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida ma’lum qildi.

Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, buning uchun maxsus indeks ishlab chiqilgan bo‘lib, u banklarning mijozlar shikoyatlariga qay darajada tez va samarali javob berishini baholaydi. Yaqin kunlarda ushbu tizim asosida eng yomon natija ko‘rsatgan banklar ro‘yxati ham e’lon qilinishi kutilmoqda.

Markaziy bank rahbari Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, yangi yondashuv banklar xizmat sifati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, fuqarolar uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyati ham yaratiladi va har bir murojaat tezkor ko‘rib chiqilishi talab etiladi.

Shuningdek, Markaziy bank o‘zining aloqa tizimini yangilab, kontakt-markazni modernizatsiya qilgani va natijada murojaatlar soni sezilarli oshgani qayd etildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 6-avgustdan bankomatdagi nosozliklar uchun banklarga jarima qo‘llanishi haqida yozgandi.