Investitsiyalar

O‘zbekiston endi «arzon olib, qimmat sotadigan» investorlarga yo‘l bermaydi

Bunday yondashuvga endi hukumat tomonidan yo‘l qo‘yilmaydi va u ma’qullanmaydi
O‘zbekiston endi «arzon olib, qimmat sotadigan» investorlarga yo‘l bermaydi
Foto: Abdulla Abdukadirov / O‘zR Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

O‘zbekiston hukumati endi «arzon olib, qimmat sotadigan» investorlarga yo‘l bermaydi. Bu mavzu 16-iyun kuni V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida «Korporativ boshqaruvning kelajagi» mavzuidagi panel sessiyasida muhokama qilindi.

O‘zbekiston investorlardan uzoq muddatli hamkorlik kutmoqda

Foto: O‘zR Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Sessiyada O‘zbekiston endi faqat qisqa muddatli foyda izlaydigan investorlar uchun maydon bo‘lib qolmasligi ta’kidlandi. Mamlakat yirik sarmoyadorlarga uzoq muddatli, ikki tomonlama manfaatli va mas’uliyatga asoslangan hamkorlikni taklif qilmoqda.

«Agar investor mamlakatga shunchaki kelib, resurslarni qo‘lga kiritish, arzonga sotib olib, qimmatroqqa sotish va chiqib ketishni istasa — bunday yondashuvga endi hukumat tomonidan yo‘l qo‘yilmaydi va u ma’qullanmaydi. Biz investorlarga ancha chuqurroq va istiqbolli hamkorlikni taklif qilamiz», – deya ta’kidladi prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktorining vazifasini bajaruvchi Abdulla Abdukadirov.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston investorlar uchun beshta muhim omilga ega: siyosiy barqarorlik, qulay geografiya, inson kapitali, tarixiy meros va mavjud infratuzilma.

Abdukadirov strategik sohalarda biznes bir kunda qurilmasligini qayd etdi. Ayniqsa, energetika va transport kabi tarmoqlar uzoq muddat, katta investitsiya va o‘zaro ishonchni talab qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday loyihalarda faqat bir tomon yutadigan hamkorlik modeli ishlamaydi. Investor ham, davlat ham mas’uliyatni teng bo‘lishi kerak. Energetika sohasida 30 yillik standart shartnomalar va davlat tomonidan kafolatlangan xarid tizimi investorlarga uzoq muddatli barqarorlik berishi aytildi.

Investorlar boshqaruvdagi xatti-harakatga qaraydi

Foto: O‘zR Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Rothschild & Co vakili Ariell Malard de Rotshild (Arielle Malard de Rothschild) O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar va siyosiy barqarorlik xorijiy investitsiyalar uchun muhim omil ekanini ta’kidladi.

Uning fikricha, investorlar faqat o‘sish yoki foyda imkoniyatiga emas, balki boshqaruv tizimiga bo‘lgan ishonchga ham qaraydi. Bunda uzoq muddatli kapitalni jalb qiladigan kompaniyalar muammosiz ishlaydiganlar emas. Aksincha, qiyinchiliklarga duch kelganda ularni hal qila oladigan, javobgarlikni aniq belgilaydigan va shaffof boshqaruvga ega kompaniyalar investorlar uchun ishonchliroq ko‘rinadi.

U strategik tarmoqlarda uchta jihat muhimligini aytdi: qarorlar sifati, javobgarlikning aniqligi hamda davlat manfaatlari va tijorat intizomi o‘rtasidagi muvozanat.

Sessiyada korporativ boshqaruvni yaxshilash uchun bir nechta yo‘nalishlar muhim ekani aytildi. Xususan, kuzatuv kengashlarini xalqaro talablar asosida professionallashtirish, mustaqil direktorlar zaxirasini shakllantirish, moliyaviy va operatsion shaffoflikni oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, mulkchilikning yakkaboshchilik shaklidan ochiq va zamonaviy aksiyadorlik modeliga bosqichma-bosqich o‘tish masalasi ham muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Templeton Global Investments kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Dan UzNIF’ning lokal IPO’siga institutsional investorlar qiziqishi nega past bo‘lganini tushuntirgandi.

Uning ta’kidlashicha, yirik bitimda 150 dan ortiq institutsional investorlar ishtirok etgan. Biroq ularning kapitalining katta qismi hozircha xalqaro yo‘nalishda jamlangan.