Yangiliklar

O‘zbekiston kompaniyalari xorijga yiliga 200 ming dollargacha sarmoya kirita oladi

Davlat ulushi mavjud korxonalar uchun esa ushbu limit $100 ming etib belgilangan
O‘zbekiston kompaniyalari xorijga yiliga 200 ming dollargacha sarmoya kirita oladi
Foto: Getty Images

Endilikda xususiy kompaniyalar xorijdagi biznes loyihalariga yiliga $200 minggacha, davlat ishtirokidagi korxonalar esa $100 minggacha sarmoya yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi. Markaziy bank kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valyuta operatsiyalarini soddalashtiruvchi yangi tartibni tasdiqladi.

Yangi qoidalarga asosan, jismoniy shaxslar xorijiy kompaniyalarning ustav kapitalida ishtirok etish yoki ulush sotib olish maqsadida yil davomida $10 minggacha mablag‘ni alohida ruxsat olmasdan o‘tkazishi mumkin. Shuningdek, xorijdagi brokerlik va investitsiya hisobvaraqlarini to‘ldirishga ham ruxsat beriladi.

Xususiy kompaniyalarga xorijdagi korxonalarga sarmoya kiritish, filial va vakolatxonalar tashkil etish uchun yiliga $200 minggacha mablag‘ olib chiqish imkoniyati yaratilmoqda. Davlat ulushi mavjud korxonalar uchun esa ushbu limit $100 ming etib belgilangan.

Bundan tashqari, xorijdagi filial va vakolatxonalarni aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun ham soddalashtirilgan tartib joriy qilinadi. Xususiy kompaniyalar bu maqsadga yiliga $100 minggacha, davlat korxonalari esa $50 minggacha mablag‘ yo‘naltira oladi.

Yangi tartibga ko‘ra, xorijga chiqariladigan investitsiyalar va kapital harakati bilan bog‘liq operatsiyalar maxsus elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Shuningdek, rezidentlar o‘zlarining xorijdagi investitsion faoliyati haqida muntazam ravishda banklarga hisobot taqdim etib borishi kerak bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan endi chet elga investitsiya kiritish uchun oldindan ruxsat talab etilmasligi haqida yozgandi.