Yangiliklar

O‘zbekiston va Ozarbayjon tovar ayirboshlash hajmini 40 foizga oshdi

Davlatlararo strategik hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston va Ozarbayjon tovar ayirboshlash hajmini 40 foizga oshdi / Foto: President.uz

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev hamda Ozarbayjon Respublikasi bosh vaziri Ali Asadov uchrashuvida ma’lum qilindi.

Uchrashuv avvalida Ali Asadov Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Davlatimiz rahbari esa Ozarbayjon xalqini yaqinda nishonlangan Milliy najot kuni munosabati bilan tabrikladi. Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Foto: President.uz

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi barcha darajadagi faol aloqalar izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Xususan, joriy yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshgani alohida ta’kidlandi. Qurilish, energetika, tog‘-kon sanoati, geologiya, logistika, turizm va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi sammitning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlash, Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi hamda Hududlar forumini samarali tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Uchrashuvda Ozarbayjonning «PASHA Holding», «Neqsol Holding», «AzerGold» kompaniyalari hamda Ozarbayjon Xalqaro banki rahbarlari ham qatnashdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishi bo‘yicha AQSh bilan kelishuvga erishilgani haqida yozgan edik.