Yangiliklar

O‘zbekistonda Germaniya amaliy fanlar universiteti tashkil etiladi

O‘zbekiston va Germaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida bitim imzolandi
O‘zbekiston va Germaniya dual ta’lim bo‘yicha kelishuvlar imzoladi
Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekistonda Germaniya amaliy fanlar universiteti tashkil etiladi. Germaniyada O‘zbekiston va Germaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida bir qator kelishuvlar imzolandi, deya xabar berdi «Dunyo».

Unga ko‘ra, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan ikki davlat oliy ta’lim tizimidagi hamkorlikka bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.

Foto: «Dunyo» AA

Tadbirda Germaniyaning oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, ta’lim grantlari jamg‘armalari va dual ta’lim agentliklari vakillari qatnashdi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov O‘zbekistonda hozir 50 ming nafar yosh dual ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotganini ma’lum qildi. 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni 200 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq nemis korxonalari dual ta’limni rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Foto: «Dunyo» AA

Uchrashuv yakunida Germaniya amaliy fanlar universitetlari konsorsiumi va O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘rtasida O‘zbekistonda Germaniya amaliy fanlar universitetini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolandi.

Shuningdek, oliy ta’limda dual ta’limni rivojlantirishga qaratilgan bir qator ikki tomonlama memorandumlar ham rasmiylashtirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijiy va xususiy OTMdan o‘qishni ko‘chirishning yangi tartibi tasdiqlangandi. Yangi tartibga ko‘ra, sohada vakolatli davlat organi sifatida Bilim va malakalarni baholash agentligi faoliyat yuritadi. Talabalar o‘qishni ko‘chirish uchun har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar ariza topshirishi mumkin.