Yangiliklar

O‘zbekistonda gumanoid robotlar ishlab chiqarish loyihasiga start berildi

Janubiy Koreyaning Robotis kompaniyasi bilan hamkorlikda
O‘zbekistonda gumanoid robotlar ishlab chiqarish loyihasiga start berildi / Foto: «O‘zeltexsanoat» uyushmasi

Toshkent shahrida gumanoid robotlar va ularning komponentlarini ishlab chiqarishga qaratilgan yirik investitsiya loyihasining qurilishiga start berildi. Bu haqda «O‘zeltexsanoat» uyushmasi ma’lum qildi.

«Yangi Avlod» maxsus sanoat zonasida «O‘zeltexsanoat» uyushmasi tashabbusi bilan Janubiy Koreyaning Robotis kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyiha uchun tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Loyiha doirasida robotlar hamda ularning komponentlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan zamonaviy majmua barpo etilishi rejalashtirilgan. Buning uchun qariyb $70 mln miqdorida investitsiya jalb qilinadi.

Shuningdek, 10 gektar maydonda quriladigan ishlab chiqarish majmuasi doirasida 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BAA kompaniyasi O‘zbekistonda keramika mahsulotlari ishlab chiqarishi haqida yozgan edik.