Yangiliklar

Samarqand va Qashqadaryoda qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari aniqlandi

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan
Samarqand va Qashqadaryoda qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari aniqlandi
Foto: Departament

Samarqand va Qashqadaryoda qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini sotish hamda muomalaga kiritish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.

Departamentning Pastdarg‘om tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida Samarqand shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida mas’ul shaxslar Xo‘jaqishloq mahallasi hududidagi xonadonda boshqa bir korxonadan sotib olingan 516 mln so‘mlik qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini sotish maqsadida saqlab kelgani aniqlandi.

Xonadondan 21 turdagi jami 21,9 ming dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida ham shunga o‘xshash holat fosh etildi.

Departamentning Qarshi tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qarshi shahridagi savdo do‘konlaridan birida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari savdoga qo‘yilgani aniqlandi.

Tadbir davomida do‘kondan 26 turdagi 255 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olindi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkent va Samarqand viloyatlarida narkotik moddalar musodara qilingani haqida yozgan edi.