Gadjetlar

Tecno Spark 50 Pro taqdim etildi — foto

Hozircha Tecno Spark 50 Pro’ning narxi va sotuvga chiqish sanasi rasman e’lon qilinmagan
Tecno Spark 50 Pro taqdim etildi
Foto: Tecno

Tecno kompaniyasi Spark 50 smartfonlar qatorini yangi Spark 50 Pro modeli bilan kengaytirdi. Bu haqda GSMArena nashri xabar berdi.

Qurilma katta sig‘imli batareya, mustahkam korpus va sun’iy intellekt funksiyalari bilan jihozlangan bo‘lib, dizayni jihatidan ayrim jihatlari bilan iPhone 17 Pro’ning to‘q sariq rangli versiyasini eslatadi.

Smartfonning asosiy kamerasida 50 megapikselli Sony LYTIA 600 sensori qo‘llanilgan. Kamera F/1.8 diafragmali obyektiv bilan jihozlangan. Old kamera esa 8 megapikselli modulga ega.

Foto: Tecno

Tecno Spark 50 Pro 6,78 dyuymli IPS displey bilan ta’minlangan. Ekran HD+ aniqlik va 120 Gts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmaning ishlashiga MediaTek Helio G100 Ultimate protsessori mas’ul bo‘lib, u 8 GB tezkor va 256 GB ichki xotira bilan birga ishlaydi. Virtual xotira texnologiyasi orqali operativ xotirani 24 GB gacha kengaytirish mumkin.

Yangi model bozorga qarab 5600 yoki 6000 mA·soat sig‘imli batareya bilan taklif etiladi. Har ikki versiya 60 vattli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, batareya olti yil davomida kundalik foydalanilgandan keyin ham dastlabki sig‘imining 80 foizidan ortig‘ini saqlab qoladi.

Foto: Tecno

Smartfon Android 16 asosidagi HiOS 16 operatsion tizimida ishlaydi. Qurilmaga Ella AI Agent ovozli yordamchisi, matn yaratish va tahrirlash vositalari hamda qo‘ng‘iroqlar vaqtida shovqinni kamaytirish funksiyalari kabi Tecno AI imkoniyatlari integratsiya qilingan.

Hozircha Tecno Spark 50 Pro’ning narxi va sotuvga chiqish sanasi rasman e’lon qilinmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tecno Pova 8 5G smartfoni taqdim etilgani haqida yozgandi.