Yangiliklar

Telegram sovrin jamg‘armasi 200 ming dollar bo‘lgan tanlov e’lon qildi

Videolarni qabul qilish 15-iyulga qadar davom etadi
Telegram
Foto: Getty Images

Telegram platformasi kontent yaratuvchilar uchun xalqaro videotanlov e’lon qildi. Digital Freedom Contest nomli loyiha doirasida ishtirokchilar raqamli erkinlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi videoroliklar tayyorlab, ularni mashhur ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirishlari kerak bo‘ladi.

Tanlov uchun umumiy mukofot jamg‘armasi $200 ming etib belgilangan. Videolarni qabul qilish 15-iyulga qadar davom etadi, g‘oliblar esa avgust oyida e’lon qilinadi.

Tashkilotchilar videolar TikTok, Instagram, YouTube yoki X platformalaridan birida e’lon qilinishi va kamida 10 mingta haqiqiy tomosha yig‘ishi lozimligini ma’lum qildi. Sun’iy ravishda oshirilgan ko‘rishlar yoki sifatsiz materiallar tanlovdan chiqariladi.

Shuningdek, ishtirokchilar ishlarida Telegram asoschisi Pavel Durovning Ozodlik forumidagi nutqidan olingan g‘oyalar yoki videokadrlardan foydalanishlari talab etiladi. Biroq mualliflar mavzuni kengroq yoritish uchun o‘z qarashlari va qo‘shimcha materiallarini ham qo‘shishlari mumkin.

Tanlovda til, uslub yoki texnik vositalar bo‘yicha cheklovlar mavjud emas. Bir ishtirokchi bir nechta platformada turli videolar bilan qatnashish huquqiga ega.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Telegram endi Wear OS aqlli soatlarida ham ishlashi haqida yozgandi.