
Boston Consulting Group (BCG) bahosiga ko‘ra, Toshkent shahri o‘sishlar tezligi bo‘yicha dunyoning eng yirik gigantlari — Shinjon (Xitoy) va Riyod (Saudiya Arabistoni) shaharlari bilan birgalikda global miqyosda mutloq Top-3 talikka kirdi. Bu haqda V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bo‘lib o‘tgan «Yangi iqtisodiy o‘sish poygasining markazida shaharlar» mavzusidagi panel sessiyasida ma’lum qilindi.
Muhokamalarda Markaziy Osiyo shaharlar rivojlanishning yangi bosqichiga kirib borayotgani qayd etildi. Shaharlar endilikda nafaqat yashash maskani, balki iqtisodiy o‘sish markazi, yirik investitsiyalarni jalb etish maydoni va inson kapitali uchun raqobat maydoniga aylanayotgani ta’kidlandi. Ekspertlar fikricha, global kapital va biznesni jalb qilishda strategik yondashuv hamda aniq «value proposition» yaratish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Sessiyada O‘zbekiston uchun ushbu jarayonlar alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Mamlakat shaharlarni iqtisodiy rivojlanish va yangilanishning asosiy drayveriga aylantirish imkoniyatiga ega ekani, buning uchun esa shaharsozlik va arxitektura sohasida innovatsion islohotlarni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbirda Yangi Toshkent loyihasi ham alohida misol sifatida tilga olindi. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davronjon Adilov ta’kidlashicha, loyiha poytaxtning uzviy kengayishi sifatida 20 ming gektar maydonda amalga oshirilmoqda. Hozirda 6 ming gektarlik birinchi bosqichda qurilish ishlari davom etmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda infratuzilma ishlari uchun $700 mlndan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan, shuningdek 2 mln kvadrat metrdan ortiq qurilish ishlari bajarilgan.
«Asosiy mavzu bu yerda — yangi shahar o‘zi qanday bo‘lishi kerak, aholi uchun nima berishi kerak? Bugun 21-asrda aholiga shaharda nima kerak, qanday qulaylik kerak, qanaqa infratuzilma xohlaydi? Asosan, shu strategiyada aholini rozi qilish bo‘yicha, shahar aholisini ko‘nglini olish bo‘yicha qilingan, ishlab chiqilgan loyiha deb hisoblaymiz biz bu loyihani. Bunining birinchi tamoyili bu yashillik tamoyili hisoblanadi”, — dedi Adilov
BCG boshqaruvchi direktori Vladislav Boutenko esa Toshkentni global «Cities of Choice» tadqiqotida «Emerging Middleweights» guruhiga kiritilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Toshkent aholining poytaxtga munosabati bo‘yicha yuqori «Sodiqlik indeksi»ga ega bo‘lib, global Top-10 talikdan joy olgan. Shuningdek, shahar o‘zgarishlar tezligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi megapolislar qatoridan o‘rin olgani qayd etildi.

Panel sessiyada Zaha Hadid Architects, BMT Taraqqiyot dasturi, Cross Works va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etib, urbanizatsiya va shahar rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari bo‘yicha fikr almashdilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston endi «arzon olib, qimmat sotadigan» investorlarga yo‘l bermasligi haqida yozgan edik.