
Toshkent shahri Shayxontohur tumani IIO FMB TQX Jinoyat qidiruv bo‘limi bo‘linma boshlig‘i pora talab etganlikda gumon qilinib ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, u o‘zining mansabdor tanishlari orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ijobiy hal qilish evaziga $7 ming talab etgan.
Shuningdek, u tadbirkorga tegishli restoranda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida muassasa xodimining kuyish jarohati olgani yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tugatib berish uchun yana $500 so‘ragan. Shu tariqa mansabdor shaxs jami $7,5 ming talab qilgani ma’lum bo‘ldi.
DXX, IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi va Toshkent shahar prokuraturasi hamkorligidagi tezkor tadbirda u oldindan $2,5 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Holat yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Guliston shahar hokimligi xodimi 50 ming dollarlik pora ayblovi bilan ushlangan edi.