
Bugun Toshkent shahrida nam havo massalari kirib kelishi oldidan ayrim hududlarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin. Shu sabab Maxsus komissiya ogohlantirish bilan chiqdi.
Prognozlarga ko‘ra, kun davomida poytaxtda ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
Shamol odatda 3–8 m/s tezlikda esadi. Biroq ayrim hududlarda uning tezligi 12–15 m/s gacha kuchayishi ehtimoli bor. Kuchli shamol fonida qisqa muddatli chang-to‘zonlar yuzaga kelishi mumkin.
Mutaxassislar bunday holatda havodagi chang zarrachalari, ayniqsa PM10 miqdori vaqtincha ortishini ma’lum qildi. Kunning ikkinchi yarmida yog‘ingarchilik hisobiga havo asta-sekin tozalanishi kutilmoqda.
Nafas yo‘llari kasalliklari, allergiya va yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq muammolari bor fuqarolarga ehtiyot bo‘lish tavsiya qilindi. Zarurat bo‘lmasa, uzoq vaqt ochiq havoda yurmaslik, deraza va eshiklarni yopiq saqlash hamda niqobdan foydalanish maqsadga muvofiq.
Eslatib o‘tamiz, 15-iyun kuni ham Maxsus komissiya chang-to‘zon yuzasidan ogohlantirish bergandi.