
O‘zbekiston – Kolumbiya uchrashuvi munosabati bilan 18-iyun kuni barcha davlat tashkilotlarida ish vaqti soat 10:00 da boshlanadi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Ilk futbol uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 18-iyun kuni soat 07:00 da boshlanadi. Shu munosabat bilan fuqarolarga milliy terma jamoaga oila davrasida muxlislik qilish uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida ish vaqti bir soat kech boshlanmoqda.
Sherzod Asadovning ta’kidlashicha, Shavkat Mirziyoyev ham uchrashuvni uyida, oila a’zolari va nabiralari bilan birgalikda tomosha qiladi.
Ma’lumot uchun, milliy terma jamoaning Jahon chempionatidagi ishtiroki munosabati bilan maktablarda va poytaxtdagi qator bog‘larda maxsus tomosha maydonlari tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq JCh – 2026dagi O‘zbekistonning ilk o‘yinini tajribali referilardan biri sanalgan Anthony Taylor boshqarishi, unga qanotlarda Gari Besvik va Adam Nann yordam berishi haqida yozgan edik.