
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) «Agat Credit» MMT AJ hamda «Freedom Finance» MCHJ XKni kapital bozori sohasida «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi.
«Agat Credit» MMT AJ korporativ obligatsiyalar emitentlari faoliyati bo‘yicha mazkur rejim ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Kompaniya O‘zbekistonda ushbu maqomga ega bo‘lgan birinchi emitent bo‘ldi.
«Tartibga solish qumdoni» doirasida «Agat Credit» mamlakat ichki fond bozorida xorijiy valyutada nominallashtirilgan korporativ obligatsiyalarni chiqarishni amalga oshiradi. Bu O‘zbekiston kapital bozori uchun yangi moliyaviy vosita hisoblanadi. Chunki shu paytgacha «Toshkent» Respublika fond birjasida korporativ obligatsiyalar faqat milliy valyutada joylashtirilgan.
Ushbu obligatsiyalar chakana va institutsional investorlar uchun mavjud bo‘ladi. Joylashtirish tashkilotchisi sifatida «Freedom Finance» MCHJ XK ishtirok etadi. Kompaniya Freedom Broker brendi ostida faoliyat yuritadi.
Shu bilan birga, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi «Freedom Finance» MCHJ XKni investitsiya vositachilari faoliyati bo‘yicha kapital bozori sohasida «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ham ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Mazkur rejim doirasida Freedom Broker O‘zbekiston ichki bozorida xorijiy valyutada nominallashtirilgan obligatsiyalarni chiqarish va muomalaga kiritishni tashkil etish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshiradi. Kompaniya birlamchi joylashtirish jarayonida anderrayter va broker vazifasini bajaradi.
«Agat Credit» MMT AJ O‘zbekiston mikromoliyaviy xizmatlar bozorida Markaziy bankning 2018-yil 15-dekabrdagi 53-sonli litsenziyasi asosida faoliyat yuritadi. Kompaniya yakka tartibdagi tadbirkorlar va kichik biznes subyektlarini moliyalashtirishga ixtisoslashgan.
Shuningdek, «Agat Credit» avval «Toshkent» Respublika fond birjasida umumiy hajmi 250 mlrd so‘m bo‘lgan beshta korporativ obligatsiya chiqarilishini joylashtirgan.
Avvalroq «Kursiv» Freedom yagona brend ostida faoliyat yuritishi haqida yozgan edi.