
Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida O‘zbekiston IT Parkining doimiy bo‘limi ochildi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.
Ochilish marosimi davomida ishtirokchilarga mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot, dasturlash, startaplar va IT-xizmatlar sohasida yaratilgan keng imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, IT Park hududida amal qilayotgan soliq imtiyozlari, xizmatlar eksportini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar taqdim qilindi.
Qayd etilishicha, sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida AQSh, Kanada, Fransiya, Yaponiya va Saudiya Arabistoni kompaniyalari hamda mutaxassislari IT Park rezidentiga aylanmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonda IT-xizmatlar eksporti hajmi sezilarli darajada oshib, mahalliy kompaniyalar xalqaro bozorlarga faol chiqmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Ar-Riyoddagi yangi bo‘lim negizida allaqachon sakkizta startap loyiha o‘z faoliyatini boshlagan. Shuningdek, tadbirda «Bir million dasturchi» va «Bir million sun’iy intellekt yetakchisi» loyihalari xorijiy mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otgani ta’kidlandi.
Saudiya tomoni O‘zbekistonda axborot texnologiyalari yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalariga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tiborni yuqori baholadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ilk bor dronlar yordamida sholi ekilgani haqida yozgan edik.