Avto

Chevrolet avtomobili Nissan Leaf’ni ortda qoldirdi — natijalar

Car and Driver nashri tomonidan o‘tkazilgan sinovda
Chevrolet avtomobili Nissan Leaf’ni ortda qoldirdi
Foto: GMAuthority

17-iyun kuni o‘tkazilgan yangi taqqoslash sinovida Chevrolet Bolt o‘zining asosiy raqiblaridan biri Nissan Leaf ustidan g‘alaba qozondi. Bu haqda GMAuthority nashri xabar berdi.

Car and Driver nashri tomonidan o‘tkazilgan sinovda ikkala elektromobil dizayn, qulaylik, yurish zaxirasi, texnologiya va boshqaruv sifati bo‘yicha solishtirildi. Umumiy natijalarga ko‘ra, Chevrolet Bolt $40 mingdan arzon segmentdagi xaridorlar uchun yaxshiroq taklif sifatida baholandi.

Sinovda Nissan Leaf zamonaviy dizayni va saloni bilan ajralib turgan bo‘lsa-da, Chevrolet Bolt ko‘proq amaliy yondashuv, qulay boshqaruv va klassik interfeys bilan ustunlik qilgani qayd etildi.

Texnik jihatdan Leaf biroz katta batareya va yuqoriroq momentga ega bo‘lsa ham, Bolt yengilroq kuzovi hisobiga tezlanish sinovlarida yaxshiroq natija ko‘rsatdi. Shuningdek, avtomobil yo‘l boshqaruvi va tormoz tizimi bo‘yicha ham yuqori baho oldi.

Yurish masofasi bo‘yicha esa Nissan Leaf ustunlik qildi. U bir zaryadda taxminan 250 mil yurishga erishgan, Bolt esa 230 mil ko‘rsatkich qayd etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Cobalt avtomobilida 100 ming kilometrdan keyin ko‘p uchraydigan muammolar haqida yozgandi.