Avto

Exeed EX6 krossoveri namoyish etildi

Exeed EX6 krossoveri yangilangan Omoda 9 sifatida namoyish etildi
Foto: Exeed

Exeed brendi Xitoyda yangi Exeed EX6 krossoverini namoyish etdi. Model amalda Omoda 9’ning yangilangan talqini hisoblanadi.

Exeed EX6 butunlay yangi model emas. U Xitoyda yaqinda yangilangan Exeed Yaoguang SUV-kupe modelining restayling versiyasi hisoblanadi. Ushbu avtomobil xorijiy bozorlarda Omoda 9, C9 yoki Exeed RX nomlari bilan sotiladi. Yangi EX6 Exeed’ning EX liniyasiga qo‘shiladi. Hozircha ushbu oilada elektron-mexanik tormoz tizimiga ega EX7 krossoveri mavjud.

Foto: Exeed

Avtomobil tom chizig‘i, ustunlar va umumiy siluetni saqlab qolgan. Biroq old qism to‘liq qayta ishlangan. Model ramkasiz radiator panjarasi, ikki qavatli old chiroqlar va yirik havo kirish qismi bilan ajralib turadi.

Exeed EX6’ning uzunligi 4830 mm, eni 1920 mm, balandligi 1680 mmni tashkil qiladi. G‘ildirak bazasi esa 2800 mmga teng. Bu ko‘rsatkichlarga ko‘ra, yangi model hozirgi Omoda 9’dan 55 mm uzunroq va 9 mm balandroq.

Foto: Exeed

Krossover plagin-gibrid tizim bilan taklif etiladi.

Kapot ostida 1,5 litrli turbomotor joylashgan bo‘lib, u 115 kVt, ya’ni 154 ot kuchi ishlab chiqaradi. PHEV rejimida avtomobilning yonilg‘i sarfi 100 kilometrga 0,86 litrdan 1,31 litrgacha bo‘lishi aytilmoqda. Maksimal tezlik esa 180 km/soatni tashkil qiladi.

Avvalroq «Kursiv» Leapmotor C10, C11 va C16 modellari yangilangani haqida yozgan edi.