
Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer rafiqasi hamrohligida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan keldi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
«Toshkent-Humo» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatov hamda boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Rasmiy tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston va Germaniya yetakchilarining tor hamda kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvlarda ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Tomonlar savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika va «yashil» texnologiyalar, transport va logistika, farmatsevtika, kimyo sanoati hamda qishloq xo‘jaligi sohalaridagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ta’lim va gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratadi.


Muzokaralar davomida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilishi, shuningdek, qator yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ko‘ksaroy qarorgohida Albaniya prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tgan edi.