
Google kompaniyasi sun’iy intellektga asoslangan Gemini for Home platformasi bilan ishlaydigan yangi Google Home smart kolonkasini taqdim etdi. Bu haqda The Verge nashri ma’lum qildi.
Ushbu qurilma brendning so‘nggi olti yil ichidagi birinchi yangi smart-kolonka modeli bo‘lib, u avvalgi Nest Audio o‘rnini bosadi. Qurilma Gemini for Home platformasi uchun maxsus ishlab chiqilgan.
Yangi Google Home kolonkasini oldindan buyurtma qilish mumkin bo‘lib, yetkazib berishlar 2026-yil 25-iyundan boshlanadi. Qurilma $100 narxda sotuvga chiqadi va uning taqdimoti dastlab bahorga rejalashtirilgan bo‘lsa-da, keyinroq kechiktirilgan.

Dizayn jihatdan kompaniya indikator chiroqlarini an’anaviy panjara ortidan olib chiqib, ularni qurilma asosidagi yorug‘lik halqasi ko‘rinishida joylashtirgan. Kolonka to‘rt xil rangda ishlab chiqariladi: oq (porcelain), to‘q kulrang (walnut), yashil (jade) va qizil (berry). So‘nggi ikki rang faqat AQSh bozori uchun mo‘ljallangan.
Qurilma 360 darajali hajmli ovoz tizimini qo‘llab-quvvatlaydi va xonadagi istalgan nuqtada bir xil sifatdagi tovushni ta’minlaydi. Shuningdek, ikkita Google Home kolonkasini stereo tizimga birlashtirish yoki Google TV Streamer bilan birga ishlatib, fazoviy ovoz yaratish mumkin.
Google Home kolonkasining asosiy yangiligi – Gemini for Home tizimi bilan chuqur integratsiya hisoblanadi. Ushbu platforma Google Assistant o‘rnini bosadi va murakkab, bir necha bosqichli buyruqlarni erkin shaklda tushunishga qodir bo‘ladi. Masalan, foydalanuvchi bitta gapda chiroqlarni xiralashtirish, musiqa qo‘yish va taymer o‘rnatish kabi buyruqlarni bera oladi.

To‘liq imkoniyatlardan foydalanish, jumladan, Gemini Live va Google Home Brief funksiyalari uchun Google Home Premium obunasi talab etiladi. Uning narxi standart paket uchun oyiga $10, premium variant uchun esa $20 ni tashkil qiladi. Qurilma ichida shovqinni kamaytirish va ovozni aniq ajratish uchun lokal sun’iy intellekt modellari ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Android’da soxta qo‘ng‘iroqlarni aniqlash funksiyani ishga tushirishi haqida yozgan edik.