
«Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan yosh oilalar endilikda turar joy ijara xarajatlarini qoplash uchun onlayn tarzda davlat kompensatsiyasini rasmiylashtirishi mumkin. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Yangi xizmat my.gov.uz portali orqali yo‘lga qo‘yildi. Unga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalar turarjoy ijarasi xarajatlarining bir qismini qoplash uchun elektron ariza yuborish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Kompensatsiya mablag‘lari 12 oygacha bo‘lgan muddatga har oy ijara to‘lovining 50 foizigacha miqdorda ajratiladi. Bunda Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyat markazlarida kompensatsiya miqdori BHMning (412 ming so‘m) 3 baravarigacha (1,2 mln so‘mdan ziyod), boshqa hududlarda esa bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarigacha (824 ming so‘m) etib belgilanadi.
Qayd etilishicha, kompensatsiya mablag‘lari har oy ariza beruvchining ijtimoiy kartasiga o‘tkazib beriladi. Shu bilan birga, ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi o‘zaro yaqin qarindosh bo‘lsa, kompensatsiya ajratish to‘g‘risidagi ariza avtomatik ravishda rad etiladi.
Mazkur yordamdan foydalanuvchi yosh oilalar 12 oy davomida qator ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etishi lozim. Xususan, ular volontyorlik loyihalarida qatnashishi, «Mutolaa» loyihasi doirasida har oy kamida bitta kitob o‘qishi hamda «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasidagi kamida bitta tanlov yoki musobaqada ishtirok etishi talab qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq uy-joyga muhtoj madaniyat, san’at va ijodiy soha vakillarining ipoteka krediti uchun to‘lanadigan boshlang‘ich badalining 50 foizi davlat budjeti hisobidan qoplanishi haqida yozgan edik.